Jimjitlikni Qidirib: Sukunatning 5 Daqiqasi
..Bunchalar ham shovqinli bu dunyo! Agar bir xonada yolg‘iz o‘tirib, 15 daqiqagina o‘zimizda bor ne’matlar haqida o‘ylasak, juda ham ko‘p muammolarimiz osonlashgan bo‘lar edi...Sukunatda har kuni 5 yoki 15 daqiqa Allohga shukr qilib o‘tirishni o‘...
Jimjitlikni Qidirib: Sukunatning 5 Daqiqasi
Bunchalar ham shovqinli bu dunyo! Agar bir xonada yolg‘iz o‘tirib, 15 daqiqagina o‘zimizda bor ne’matlar haqida o‘ylasak, juda ham ko‘p muammolarimiz osonlashgan bo‘lar edi.
Sukunatda har kuni 5 yoki 15 daqiqa Allohga shukr qilib o‘tirishni o‘rgana olsak, bizning yangi texnikaga, turli xil ijtimoiy tarmoqlarda vaqt sarflashga, yangi rasmlar va statuslar bilan boshqalarning diqqatini jalb qilishga, yangi kiyim olishga, turli xil keraksiz xarajatlar qilishga va shunga o‘xshash narsalarga ehtiyojimiz qolmas edi. Orqamizdan shivirlayotgan turli xil “pul top, ko‘p pul top”, “hayotga bir marta kelasan, o‘ynab-kulib ol” kabi ovozlar o‘rnini sokinlik, jimlik egallar edi. Qanday ajoyib bu jimlik!
Sizda nimaiki bo‘lsa, siz u bilan qanoatlanasiz. Shukr qilasiz. Bu juda ko‘p muammolarni hal qiladi. Ko‘pchiligimizda esa ayni shu narsa yetishmaydi. Biroz bo‘lsa-da, jimlikda o‘tirishga ko‘nikmaganmiz. Albatta nimadir qilishga majburdek, goh qayta-qayta bizga kelgan (e-mail) xabarlarni tekshiramiz, goh yangiliklarni olish uchun tinimsiz brauzerimizni yangilab (“refresh” qilib) turamiz, telefonimizni chuqulashni boshlaymiz, nimadir qilamiz.
Kundalik hayotimizda doimo shovqinlar bilan o‘ralganmiz. Taksi, avtobus yoki o‘z shaxsiy mashinamizda doimo musiqa yoki radio xizmatda, sartaroshxonada, ishxona, oshxona, kafelarda odamlar shovqini, musiqa shovqini. Hammasidan holi bo‘lganimizda esa sekingina qulog‘imizga telefon yoki mp3-pleyer quloqliklarini tiqib olamiz.
Borgan sari kamyob modda singari yo‘qolib borar ekan, sokinlikni qadrlamog‘imiz lozim.
Jimlikda, sukunatda tafakkur qilishni o‘rganish avvaliga qiyinroq tuyulishi mumkin. Buning uchun mashq darkor. Ertalab turganingizda, choy tayyor bo‘lgunga qadar, asta-sekin bu odatni shakllantirishni boshlashingiz mumkin. Dastlabki daqiqalarda qiyin kechishi mumkin. O‘zingizni majburlang va siz asta-sekin o‘z xayollaringizni eshitishni o‘rganasiz, o‘z xohishlaringizni obyektiv baholashni boshlaysiz. Quyidagi savollarni o‘zingizga berib ko‘rishingiz mumkin.
- Bugun shu ishni qilishdan maqsadim nima?
- Nima uchun bu narsani xohlayabman, uning oqibatlari qanday?
- Men aslida nima qilmoqchiman va bundan qanday foyda olaman?
Bu savollarga javob topguningizgacha 5–10 daqiqa o‘tadi. Ichki dunyoingizni baholashni boshlaysiz. Qarabsizki, sekin-sekin bunga odatlanasiz.
Azizlar, sokinlik, sukunat va tinchlikni qadriga yetib, atrofimizdagi egalik qilayotgan narsalarimiz bilan qanoatlanaylik. Hayotimiz osoyishta bo‘ladi.